Siz shu yerdasiz: Asosiy|FE’L

Ish-harakat va holatni bildiradigan sо‘zlar fe’l deyiladi. Fe’l Nima qilmoq? Nima qiladi? Nima qildi? Nima qilmoqchi? Nima qilgan? Kabi sо‘roqlarga javob bо‘ladi. Misol uchun: yugurdi, keldi, ketdi (harakat fe’llari), о‘yladi, yotibdi (holat fe’llari), ulg‘aydi, yetildi(jarayon fe’llari).

Fe’llarning ma’no jihatidan turlari:

1.Nutqiy faoliyat fe’llari: demoq, sо‘zlamoq, gapirmoq,va b.

2.Aqliy faoliyat fe’llari: о‘ylamoq, fikrlamoq.

3.Jismoniy faoliyat fe’llari: yurmoq, kо‘tarmoq va b.

4.Holat fe’llari: uxlamoq, yotmoq va b.

Fe’llar gapda asosan kesim bо‘lib keladi. Hol va tо‘ldiruvchi asosan fe’lga bog‘lanadi, lekin xohlagan gap bо‘lagi bо‘lib kela oladi.

Fe’llarning о‘timli-о‘timsiz, bо‘lishli-bо‘lishsiz, nisbat, zamon, mayl kategoriyalari, sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi kabi xoslangan shakllari bor.

Fe’llardagi shaxs-son, zamon, mayl, tasdiq va inkor shakllari gap tuzilishi asosidir. Masalan, U ishlaydi, Men ishlayman, Sen ishlaysan. Fe’llar lug‘aviy ma’noga egaligiga kо‘ra ikki xil bо‘ladi: mustaqil fe’llar, yordamchi fe’llar.

Mustaqil fe’llar lug‘aviy ma’no bildiradi, grammatik kategoriyalarga, xoslangan shakllarga ega bо‘ladi. о‘qimoq, yozmoq, qilmoq kabi.

Nomustaqil fe’llar grammatik ma’nolarni ifodalash uchun qо‘llaniladi.

1. Sо‘z yasaydi: bо‘lmoq (sog‘ bо‘ling), qо‘ymoq (imzo qо‘ydi)...

2. Fe’llarga qо‘shilib turli ma’no ifodalaydi: tashlamoq (gapirib tashlamoq) olmoq, (yozib olmoq).

3. Fe’llarga qо‘shilib ma’noni aniqlashtiradi: edi, ekan, emish (aytgan emish) kabi.

О‘timli va о‘timsiz fe’llar

Fe’ldan anglashilgan harakatning predmetga о‘tgan yoki о‘tmaganligini ifodalovchi fe’llar о‘timli va о‘timsiz fe’llardir. Fe’l bilan bog‘langan sо‘z  tushum kelishigini olsa, о‘timli(kitobni о‘qimoq), olmasa, о‘timsiz (kо‘chada ishlamoq) hisoblanadi.

Fe’l nisbatlari

Harakat va holat bilan uning bajaruvchisi va obyekti orasidagi munosabatlar fe’l nisbatlari orqali ifodalanadi. Masalan, fe’ldan anglashilgan harakat obyektga о‘tadi va bajaruvchi aniq bо‘ladi: Ular kitobni о‘qidi(aniq nisbat), obyektga о‘tmay shaxsda (ega) qoladi: Bolalar yuvindi (о‘zlik nisbati); harakat bajaruvchisi noaniq bо‘ladi: Oynalar yuvildi(majhul nisbat), harakat bir necha odam tomonidan birgalikda bajariladi: Bolalar bahslashdi (birgalik nisbati), harakat bajarilishiga  kimlardir ta’sir qiladi: Dadam kitob о‘qitdi (orttirma nisbat) kabi shakllarda yuzaga keladi.

Fe’lning xoslangan shakllari

Fe’lning boshqa sо‘z turkumiga xos vazifani bajarish uchun moslangan
shakllari xoslangan shakllar deyiladi.

1. Ravishdosh: yugurib, о‘ylay-о‘ylay.

2. Sifatdosh: о‘qigan, oqar(suv).

3. Harakat nomi: о‘qigan, ishlamoq.

Fe’lning modal shakllari

-la, -gila, -g‘ila (-kila, -qila) qо‘shimchalari harakatning takrorlanishini, davomiyligini, kuchliligini bildiradi: M: ishqala, savala. -msira (-imsira), -nqira (-inqira) qо‘shimchalari harakatning kuchsizligini bildiradi: kulimsira, о‘ylanqira.

Fe’l zamonlari

Fe’l zamonlari harakatning nutq vaqtiga munosabatini
ifodalaydi. Harakat nutq vaqtdan oldin, о‘sha vaqtda va keyin bajarilishi mumkin. Shunga kо‘ra fe’lda uchta zamon bor.

1. О‘tgan zamon: ketdi, uqigan, yozibdi

2. Hozirgi zamon: ketyapti, о‘qimoqda, yozmoqda

3. Kelasi zamon: ketadi, yozadi, kuladi, boradi

Fe’llarda shaxs-son

О‘zbek tilida harakat bajaruvchining shaxsi va sonini ifodalash –tuslanishning quyidagi shakllari mavjud.

                                                      Birlik                               Kо‘plik

I shaxs -m,-man(yozaman) -k,-miz:(yozamiz)
II shaxs -ng,-san(yozasan,) -ngiz,-siz:(yozasiz)
III               shaxs                       -di(yozadi)                              di (lar): (yozadilar)

 

Fe’l mayllari

Harakatning bajarilishga munosabatini ifodalaydigan shakllar fe’l mayllaridir. Xabar (aniqlik) mayli: bordi. Buyruq-istak mayl: bor. Shart mayli: borsa. Maqsad mayli: bormoqchi.

Fe’llarning yasalishi

Fe’llar morfologik va sintaktik usullar bilan yasaladi. Morfologik usul: sо‘z yasovchi qо‘shimchalar qо‘shish orqali fe’l yasalishi.

-la: gulla, о‘yla; -a (-y): yasha, qoray; -r (-ar): oqar; -ik (-iq): yо‘liq, hayiq;

-ir (-ur): gapir; -ira (-ila): yaltira, gurilla.

Sintaktik usul bilan murakkab va juft fe’llar yasaladi: xabar berdi, xursand bо‘ldi; sotib oldi; bordi-keldi.

Murakkab fe’llarda asosiy ma’no ifodalovchi birinchi sо‘z – yetakchi fe’l, qо‘shimcha ma’noli ikkinchi qism esa – kо‘makchi fe’l deyiladi: gapirib tashladi.

Mustaqil holda ma’no bildirmaydigan edi, ekan, emish tо‘liqsiz fe’llar tuslanadi: aytgan edim, aytgan eding, aytar ekansan.