Siz shu yerdasiz: Asosiy|Yangiliklar|Xorijda o‘zbek milliy madaniy markazlari soni ko‘paytiriladi

Xorijda o‘zbek milliy madaniy markazlari soni ko‘paytiriladi

Xorijda o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish rejalashtirilmoqda.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasiga ko‘ra, xorijda o‘zbek milliy madaniy markazlari (jamiyatlari) sonini ko‘paytirish hamda ular qoshida “O‘zbek tili va madaniyati” kurslari, “O‘zbek yakshanba maktablari”ni tashkil etishda ko‘maklashish mo‘ljallangan.

Shuningdek, mamlakatda yashab, faoliyat yuritgan buyuk ajdodlar, o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analari to‘g‘risida o‘zbek va chet tillarida mazmun jihatidan boy va ta’sirchan qisqa metrajli videoroliklar va boshqa ko‘rinishdagi axborot materiallarini tayyorlash va xorijiy OAV, internet tarmog‘ida keng yoritish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, xorijdagi vatandoshlar o‘rtasida “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” hamda boshqa mavzularda onlayn viktorinalar tashkil etiladi.

Vatandoshlar istiqomat qilayotgan davlatlarda milliy bayramlar munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda ko‘mak ko‘rsatiladi.