Siz shu yerdasiz: Asosiy|Yangiliklar|“O‘zbek va qirg‘iz tillari morfologiyasi” monografiyasi nashr etildi

“O‘zbek va qirg‘iz tillari morfologiyasi” monografiyasi nashr etildi

         “Turkiy tillarning elektron platformasi” loyihasining maqsadi turkiy tillarning o‘zaro qiyosi orqali umumdidaktik platformani yaratish hisoblanadi. Ishning dastlabki debochasi sifatida loyiha aʼzolari Mirzaxidova Muyassar Inamjanovna, Shahobiddinova Shohida Hoshimovnalar tomonidan 2021-yili “O‘zbek va qirg‘iz tillari morfologiyasi” monografiyasi tayyorlandi va nashr ettirildi.

         Turkiy tillar morfologiyasining asosiy tushunchalari yangicha talqiniga bag‘ishlangan ushbu kitob filolog talabalar va tadqiqotchilarga mo‘ljallangan.

         Monografiyada, shuningdek, nafaqat morfologiya, balki tilning barcha sathlari tadqiqi uchun qo‘l keluvchi nazariy va falsafiy tamoyillar yoritilgan.

         Ushbu tadqiqot maqsadi turkiy tillar (qirg‘iz, o‘zbek tillari misolida) morfologik sistemasini umumiylik-xususiylik dialektikasiga asoslanib tekshirishdir.               Monografiyada dialektikaning obyektivlik, substansiallik kabi qatʼiatlariga amal qilingan, asosiy falsafiy qonunlarining morfologik sathdagi reallashuvida o‘ziga xosliklarni aniqlashga harakat qilingan.

         Umumfanniy qonuniyatlar orqali ikki qardosh til morfologiyasini kuzatish orqali ko‘plab qiziqarli xulosalarga kelingan. Qirg‘iz va o‘zbek tillarida so‘z turkumlarining o‘ziga xos tomonlari ochib berilgan. Kelishik, son, egalik, nisbat kabi anʼanaviy ajratiluvchi kategoriyalar qatorida, solishtiruv, daraja, reprezentatsiya kabi kategoriyalar yangicha talqinda yoritilgan. Monografiyada tahlilga tortilgan boy faktik material qirg‘iz va o‘zbek tillarini amaliy o‘rganuvchilar uchun ham qiziqarli bo‘lishi shubhasiz.